“Qo‘yliq” bozori o‘rnida yangi transport bog‘lamasi quriladi

Ushbu hududdagi qurilish va dehqon bozori mulkdorlariga o‘rnatilgan tartibda kompensatsiya beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 24-iyun — Sputnik. Toshkentdagi “Qo‘yliq” dehqon bozori va “Qo‘yliq” universal savdo majmuasi obyektlari joylashgan yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yiladi. Bu bo‘yicha Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori qabul qilindi.
Aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-iyuldagi maxsus farmoyishi bilan Farg‘ona yo‘li ko‘chasini Bektemir shossesi bilan bog‘lovchi Toshkent halqa avtomobil yo‘liga kirish va chiqish imkonini beruvchi yordamchi yo‘l o‘tkazgichlar qurish taklifiga rozilik berildi.
Ushbu hududdagi qurilish va dehqon bozori mulkdorlariga o‘rnatilgan tartibda kompensatsiya beriladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Toshkentda yangi transport bog‘lamasi qurilishi munosabati bilan Qo‘yliq bozori boshqa joyga ko‘chirilishi ma’lum qilingan edi. Dehqon bozori va unga tutash bo‘lgan ulgurji savdo maydoni joylashgan manzilda yo‘l kengayishi va ko‘prik qurilishi ishlari rejalashtirilgan.