TOShKENT, 24-iyun — Sputnik. O‘zbekistonlik olimlar tomonidan arxeologik obyektlarni konservatsiyalash uchun polimer eritmasini olish texnologiyasi ishlab chiqildi.
Eritma tosh, suyak yoki yog‘ochlar asosidagi arxeologik obyektlarni konservatsiyalash va tiklash (restavratsiya)da ishlatiladi.
Obyektlarga eritmalar bilan ishlov berish ular yuzasining tashqi ko‘rinishini o‘zgartirmagan holda 1.8-2.2 barobar mustahkamlanishiga olib keladi.
Polimer radikal polimerlanish yoki akril monomerlarining sopolimerlanishi orqali olinib, organik erituvchilardagi eritmalar shaklida qo‘llaniladi.
Ishlab chiqilgan texnologiya arxeologik obyektlarga singdirish va ularni yelimlash uchun belgilangan molekulyar massali polibutilmetakrilatni sintez qilishni ko‘zda tutadi.
Xabarda aytilishicha, mahsulotni partiyalab ishlab chiqarish buyurtmalarga muvofiq amalga oshiriladi.