TOShKENT, 23-iyun - Sputnik. Yevroosiyo taraqqiyot bankining Raqamli tashabbuslar jamg‘armasi Ittifoqda ishchi kuchining erkin harakatlanishini ta’minlash uchun onlayn xizmat ko‘rsatish platformasi – “Rabota v YeAES” mobil ilovasini ishga tushirdi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Ilova Minskda bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishida taqdim etildi. Ilova orqali YeOII, O‘zbekiston va MDHning boshqa davlatlari fuqarolari Rossiyada ishga joylashishda davlat va tijorat xizmatlaridan foydalanishlari mumkin. Xizmatlarni YeOIIning boshqa davlatlarida ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
“Hozirda “Rabota v YeAES” ilovasidagi ish o‘rinlari Rossiya segmenti doirasida taqdim etilmoqda. Boshqacha aytganda, YeOII va MDH mamlakatlari fuqarolari Rossiyada ishga joylashganlarida mazkur dastur orqali davlat va tijorat xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Xizmatlarni YeOIIning boshqa davlatlarida ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda”, Tigran Sarkisan.
Umuman olganda ilova orqali fuqarolar Rossiyaga kirish cheklovlari haqida bilib olishi, STIR va sug‘urta tajribasini tekshirishi, Mehnat inspeksiyasiga murojaat qilishi, ta’lim hujjatlarini tasdiqlashi, patent olish uchun ariza berishi, tibbiy sug‘urtani rasmiylashtirishi, ijaraga uy olishi, samolyot va poyezd uchun chiptalar xarid qilishi va SIM-karta sotib olishi mumkin.
“Rabota v YeAES” ilovasini AppStore va Google Play orqali yuklab olish mumkin.
Rossiyada migrantlarni ishga joylashtirish bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Ma’lumki, mazkur davlatda 3,8 millionga yaqin migrant patent yoki YeOII mamlakatlari fuqarolari sifatida mehnat shartnomasi asosida ishlaydi, yana 290 mingga yaqin yoshlar Rossiya oliy o‘quv yurtlarida ta’lim oladi.
Avvalroq, Rossiya Mehnat vazirligi pilot loyiha doirasida mamlakatga kirishi mumkin bo‘lgan o‘zbekistonlik migrantlar soniga qo‘yilgan cheklovni olib tashlash taklifi bilan chiqqan edi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida 2 221 826 ta mehnat patenti berilgan. Shundan 1 316 569 tasini O‘zbekiston fuqarolari olishgan.