TOShKENT, 23-iyun – Sputnik. Bugun, 23-iyun kuni kechqurun “Laskoviy may” guruhi solisti, 90-yillarda xit bo‘lgan qo‘shiqlar muallifi Yuriy Shatunov vafot etdi. Bu haqda RIA Novosti unga yaqin manbaga tayanib, xabar berdi.
OAV xabarlariga ko‘ra, uning o‘limga yurak xuruji sabab bo‘ldi. Xonandani shifoxonaga olib ketishayotganda, tez yordam mashinasida joni uzildi.
Yuriy Shatunov 48 yoshda edi. Yoshligidanoq yulduzlik darajasiga erishgan Yuriy Shatunov umrining so‘nggi kuniga qadar musiqa bilan shug‘ullangan.
Yuriy Shatunov 1973-yil 6-sentabr kuni Rossiyada tug‘ilgan. 2019-yilda uning “Lyubimie pesni” albomi chiqqan bo‘lsa, 2020-yilda yana uchta jamlanmasi — “Spasibo tebe”, “Ostanovitsya ne mogu” va “Zametayet listya sneg”ni muxlislariga taqdim etgan.
Uning “Ti pomnish…”, “Vspomni may”, “Sedaya noch”, “Ne molchi…” “Ya veryu…” kabi bir qator albomlari hamda “Belie rozi”, “Ne boysya”, “Zvozdnaya noch” va “Detstvo” kabi qo‘shiqlari juda katta mashhurlikka erishgan.