TOShKENT, 22-iyun — Sputnik.O‘zbekiston Respublikasining ShHTga raisligi doirasida 24-iyun kuni Toshkentda ShHTga a’zo davlatlar energetika vazirlarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda TIV rasmiy vakilining axborotida ma’lum qilindi.
Aytilishicha yig‘ilishda O‘zbekiston, Hindiston, Pokiston, Rossiya, Xitoy, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston energetika vazirliklari rahbarlari tashkilot uchun strategik muhim bo‘lgan energetika yo‘nalishdagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qiladilar.
“Yig‘ilish yakunida ShHTning energetika yo‘nalishida konseptual hujjatlari tasdiqlanishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.
ShHTga a’zo davlatlarning Energetika sohasidagi hamkorligi konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hamda O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ShHTga a’zo davlatlarning Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi hamkorligi dasturi loyihasi shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, ShHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari O‘zbekiston energetika forumida ham ishtirok etadilar.