TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. G‘arbning Rossiya iqtisodiyotini bo‘g‘ish bo‘yicha qilgan harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi, deb yozadi Amerikaning “The New York Times” gazetasi.
“Xitoy va Hindiston Rossiya neftini G‘arb davlatlari bilan bir xil hajmda sotib olmoqda”, - deyiladi nashrda.
Maqolada qayd etilishicha, energiya narxining yuqoriligi tufayli Rossiya bugungi kunda to‘rt oydagidan-da ko‘proq daromad olgan. Bundan tashqari rublning dollarga nisbatan kursi ham keskin oshgan.
“G‘arb sanksiyalari kiritilgandan so‘ng Xitoy importi 28 foizga o‘sdi va bu Rossiyaga Saudiya Arabistonini ortda qoldirish imkonini berdi. Bundan tashqari, Hindiston Rossiya neftini sotib olishni ko‘paytirdi, avvallari uni arzimas hajmda sotib olgan”, deyiladi maqolada.
“Rossiya yanada pastga tushish o‘rniga, pandemiyadan oldingi darajasiga deyarli yaqinlashdi”, deya xulosa qildi gazeta.
Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti boshlanganidan so‘ng G‘arb Moskvaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirdi. Ba’zi mamlakatlar Rossiya aktivlarini muzlatish haqida e’lon qildi, ko‘plab brendlar mamlakatni tark etdi. Yevropa Ittifoqi allaqachon oltita sanksiya paketini ma’qullagan, xususan, ko‘mir va neft importiga bosqichma-bosqich embargo joriy etmoqda.
Kreml G‘arbning harakatlarini boshqa hech kimga o‘xshamaydigan iqtisodiy urush deb atadi. Vladimir Putinning ta’kidlashicha, Rossiyani jilovlash va zaiflashtirish siyosati G‘arbning uzoq muddatli strategiyasi bo‘lib, sanksiyalar butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berdi. AQSh va Yevropaning asosiy maqsadi esa millionlab odamlar hayotini yomonlashtirishdir.