AQSh elchixonasi yaqinidagi hudud “Donesk xalq respublikasi maydoni” deb nomlandi

AQShning Rossiyadagi elchixonasi yaqinidagi hudud “Donesk xalq respublikasi maydoni” deb nomlandi.
Sputnik
TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlarining Moskvadagi elchixonasiga tutashgan hududga “Donesk xalq respublikasi maydoni” nomi berildi. Tegishli farmon Moskva merining rasmiy saytida chop etildi.

“Moskva shahri markaziy ma’muriy okrugi Presnen tumanidagi Konyushkov ko‘chasi bo‘ylab Bolshoy Devatin ko‘chasidan Maliy Konyushkov ko‘chasigacha bo‘lgan nomsiz hududga “Donesk xalq respublikasi maydoni” nomi berilsin”, deyiladi hujjatda.

Ma’lumot uchun, 18-may kuni Moskva shahar dumasi deputatlari maydonga nom berish tashabbusi bilan chiqdi. Ular AQSh elchixonasi yaqinidagi hududni “Donbass himoyachilari maydoni” deb atashni taklif qildi. “Aktivniy grajdanin” platformasidagi ovoz berish jarayonida “Donesk xalq respublikasi maydoni” varianti g‘alaba qozondi.
Shuningdek, 8-iyun kuni Moskva shahar dumasi deputatlari Germaniya elchixonasi yonidagi maydonga “Lugansk xalq respublikasi maydoni” nomini berish tashabbusi bilan chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, 22-fevral kuni Rossiya Lugansk va Donesk xalq respublikalari mustaqilligini tan olgandan so‘ng darhol ular bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan edi.
Bir kun oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putin LXR va DXR mustaqilligini tan olish haqidagi farmonlarni imzoladi. Bundan tashqari, har ikki respublika bilan do‘stlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida shartnomalar imzolandi.
Farmon oldidan davlat rahbarining rossiyaliklarga katta, dasturiy telemurojaati bo‘lib o‘tdi, unda Putin o‘z qarorini batafsil tushuntirib berdi va Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan vaziyatni muhokama qildi.
“Qon to‘kish, zo‘ravonlik, qonunbuzarlik yo‘liga o‘tganlar Donbassning harbiy qarordan tashqari boshqa hech qanday qarorini tan olishmadi va tan olishmaydi. Shu munosabat bilan men uzoq vaqtdan beri kechiktirilgan qarorniqabul qilishni zarur deb hisoblayman — zudlik bilan DXR va LXR mustaqilligini tan oling”, dedi o‘sha paytda prezident.
Rossiya 24-fevral kuni Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshladi. Vladimir Putin ushbu operatsiya maqsadi “DXR va LXR fuqarolarini Kiyev rejimi tomonidan sakkiz yil davomida amalga oshirilayotgan bezorilik va genotsiddan qutqarish va himoya qilish” deb atagan. Operatsiya maqsadi —“Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya” qilish.
Rossiya askarlari zarbalarni faqat Ukraina harbiy infratuzilma va qo‘shinlarga bermoqda. Tinch aholi turar joylariga zarba berilgani yo‘q. Operatsiyaning birinchi bosqichi 25-martda yakunlandi - Ukrainaning jangovar salohiyati sezilarli darajada pasaydi.