“Rossiya” aviakompaniyasi Moskvadan Toshkentga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi

Moskva – Toshkent – Moskva yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar seshanba, payshanba, shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. 25-iyundan “Rossiya” aviakompaniyasi Moskvadan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi.
Mamlakat poytaxti va Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biriga parvozlar Sheremetevo aeroportidan haftasiga to‘rt marta amalga oshiriladi.
Aviakompaniya O‘zbekistonga parvozlar dasturini kengaytirib, Moskvadan Buxoro, Samarqand va Urganch shaharlariga qatnovlarni davom ettirmoqda.
“Aviakompaniyaning O‘zbekistonga reyslari yozgi mavsumda sayyohlik va xizmat safarlarini amalga oshirish uchun qiziqarli”, deyiladi xabarda.
Ular Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Xiva hamda Qarshi shaharlariga sayohat qilishni rejalashtirishda ham qulaydir.
Mehmonlar mamlakatning ko‘p asrlik boy tarixi va milliy arxitektura yodgorliklari bilan tanishishi hamda o‘zbek milliy taomlarini tatib ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Jadvalga ko‘ra, Moskva – Toshkent – Moskva yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar seshanba, payshanba, shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
SU/FV 6557 reysidagi samolyot Moskvadan 8:05 da parvoz qilib, Toshkentga 14:10 da qo‘nadi.
Parvozlar ikki klassli maketda taqdim etilgan SuperJet 100 samolyotlarida amalga oshiriladi. Bortdagi umumiy o‘rindiqlar soni 87 ta bo‘lib, shundan 12 tasi biznes-klass va 75 tasi ekonom-klass.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Rossiya aviatsiya organlari Moskva-Toshkent yo‘nalishidagi aviaqatnovlar sonini ko‘paytirishga kelishib olishgandi. Unga ko‘ra, Moskva-Toshkent yo‘nalishidagi aviaqatnovlar soni haftasiga 25 tadan 39 tagacha ko‘paytiriladi.