O‘zbekistonda IT sohasida yangi universitet ochildi

IT sohasiga ixtisoslashgan yangi xususiy universitetga 7-iyun kuni Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha inspeksiya tomonidan litsenziya berildi.
Sputnik
TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda IT sohasiga ixtisoslashgan “PDP University” oliy ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.
Aytilishicha, endilikda O‘zbekistonda oliygohlar soni 167 taga teng bo‘ldi.
Ushbu universitetda talabalarga 4-yil davomida xalqaro “Pearson BTEC” o‘quv dasturi asosida barcha bilim va ko‘nikmalar beriladi.
Talabalar quyidagi 4 ta fakultetda ta’lim olishlari mumkin:
Dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va dasturlash;
Ma’lumotlar tahlili;
Biznes tahlili va o‘zgarishlarni boshqarish;
Sun’iy intellekt yechimlari va ilovalari.
"OTM 7-iyun kuni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan litsenziya asosida talabalarga IT sohasida ta’lim berish huquqiga ega bo‘ldi", deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “PDP University” nodavlat oliy ta’lim tashkilotiga ta’lim sohasida 5-yillik tajribaga ega bo‘lgan PDP (Personal Development Process) kompaniyasi tomonidan asos solindi.
Eslatib o‘tamiz, 20-iyundanyangi o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi.
Abituriyentlarni ro‘yxatga olish Davlat test markazining my.dtm.uz sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn amalga oshiriladi.