"Yigitlar zo‘r o‘ynadi, ular bilan faxrlanaman" - Timur Kapadze

Temur Kapadze matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Sputnik
TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze Osiyo Kubogi finali doirasida Saudiya Arabistoniga qarshi kechgan o‘yindan keyin matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bugun g‘alaba qozonib, xalqimizni xursand qilmoqchi edik. Biroq bu ishni uddalay olmadik. Buning uchun uzr so‘rayman. Nasib etmagan ekan. Barcha muxlislarimizga rahmat aytamiz. Keyingi turnirlarda yaxshiroq natija qayd etishga harakat qilamiz.Abdurauf Bo‘riyev o‘yin davomida yaxshi harakat qildi. Bugun o‘yin qiyin bo‘ldi. Afsuski, mag‘lubiyatga uchradik. Bolalarga rahmat aytaman.
Bu bizga katta maktab bo‘ldi, bu mag‘lubiyatdan keyin yana-da kuchliroq bo‘lamiz deb umid qilaman.Albatta, bu turnirda hamma jamoada charchoq bor, ayniqsa finalchilarda. Chunki uzoq yo‘l bosib o‘tiladi. Bugun bolalar borini berib harakat qilishdi.
Bu jamoani tashkil qilganimizda asosiy maqsad sifatida Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish belgilangan. Bu turnirda yoshroq futbolchilar bilan ishtirok etgan bo‘lsak ham yaxshi natija qayd eta oldik, deb o‘ylayman. Bu turnirda futbolchilarni ham ruhan, ham jismonan ko‘rib oldik. Bolalar zo‘r o‘ynadi, men ular bilan faxrlanaman.Qaysidir o‘yinda qaysidir futbolchi yaxshiroq o‘ynadi, qaysidirida esa boshqasi. Aytishim kerak, hali yana-da o‘sishimiz lozim.
Futbol shunday narsa – uzoq dam ololmaysiz. O‘yin tugagandan keyin u tarixga kiradi. Siz keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishingiz kerak. To‘g‘ri, futbolchilarimda ruhiy va jismoniy tomonlama biroz toliqish bor. Lekin hayot davom etadi”.
Osiyo kubogida 1-o‘rinni Saudiya Arabistoni yoshlari qo‘lga kiritishdi. 2-o‘rin O‘zbekistonga nasib etdi. 3-o‘rinni Yaponiya U-23 jamoasi egalladi.