Bu qiziq

Telegram pullik obunasini ishga tushirdi

Telegram Premium obunachilari 4 GBgacha bo‘lgan fayllarni yuklab olishi mumkin bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. Telegram messenjeri foydalanuvchilarga qo‘shimcha funksiyalardan foydalanish imkonini beruvchi pullik Premium obunasini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Telegram Premium narxi oyiga 5 $ bo‘ladi.
Pullik obunaga ulangan foydalanuvchilar quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘lishi mumkin:
· 4 GBgacha bo‘lgan fayllarni yuklab olish;
· media va hujjatlarni maksimal tezlikda yuklash;
· mingta kanalga obuna bo‘lish;
· ovozli xabarlarni matnga aylantirish;
· obunachilar soni ko‘p bo‘lgan ommaviy kanallarda reklamani o‘chirish;
· noyob stikerlar va reaksiyalarni yuborish;
· premium stikerlar;
· dialoglarning kengaytirilgan boshqaruvi;
· profil belgisi;
· animatsion avatarlar.
Pullik obunaga ulanmagan foydalanuvchilar odatdagidek 2 GB gacha bo‘lgan media materiallarni jo‘natishi mumkin bo‘ladi. Ilova xotirasi Telegram’dan foydalanuvchi har bir kishi uchun cheksiz bo‘lib qolmoqda.
Qayd etilishicha, bu ilovani saqlash xarajatlarining bir qismini qoplaydi va ishlab chiquvchilarga kelgusida ham foydalanuvchilarga cheksiz va bepul xizmat ko‘rsatishda davom etish imkonini beradi.
Telegram’ning xabar berishicha, messenjerning faol foydalanuvchilari soni oyiga 700 million kishidan oshgan va bu yil ilova dunyodagi eng ko‘p yuklab olingan ilovalar beshligiga kirgan.
Ma’lumot uchun, ilova asoschisi Pavel Durov 10-iyun kuni pullik obuna haqida e’lon qilib, messenjer reklama beruvchilar tomonidan emas, birinchi navbatda uning foydalanuvchilari tomonidan moliyalashtirilishi kerakligini ta’kidlagan edi.