TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda patrul-post xizmati saf bo‘linmalari tarkibida otliq otradlar tashkil etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 15-iyun kuni qabul qilingan qarorda keltirilgan.
Hujjatga ko‘ra, ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati saf bo‘linmalari tarkibida otliq otradlar bosqichma-bosqich tashkil etiladi hamda mazkur otradlar xizmat otlari, tegishli transport vositalari va anjomlar bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati saf bo‘linmalari otliq shtat birliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining amaldagi shtat birliklari doirasida shakllantiriladi.
2023-2026 yillarda ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati saf bo‘linmalarini avto va mototransport vositalari, xizmat otlari va anjomlar bilan ta’minlash dasturi doirasida otliq otradlarga qorabayir zotli otlar mazkur sohaga ixtisoslashgan mahalliy tashkilotlar tomonidan yetkazib beriladi.
Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda otliq otradlarning tuzilmasini, ushbu otradlar to‘g‘risidagi nizomni, ularning xodimlari uchun xizmat kiyimining namunasini, ularni ekipirovka, anjom va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlash bo‘yicha tabel meyorlarini hamda xizmat otlarining kirim-chiqim qilinishi, saqlanishi, parvarish qilinishi, o‘rgatilishini hamda yem-xashak, zootexnika va veterinariyaga oid hamda boshqa anjomlar bilan ta’minlanishini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi qo‘llanmani ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.