Buxoroda o‘rta asrga tegishli qadimgi g‘orlar topildi

G‘orda mahalliy konchilar yer ostki zahiralaridan juda keng ko‘lamda foydalangan hamda ganch qurilish materialining xomashosi olingan.
Sputnik
TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. Buxoroda cho‘l hududidan qadimgi tarixiy g‘orlar topildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari va Fanlar Akademiyasi Milliy arxeologiya markazi tomonidan Kogon tumanining cho‘l hududida 4 ta qadimgi g‘or qoldiqlari ko‘zdan kechirildi.
G‘orlarning kirish qismi qumlar va o‘pirilgan toshlar bilan ko‘milgan. Ular bir biridan yuzlab metr masofalangan. Ularda qandaydir tizim va bog‘lanish aniqlanmadi.

G‘orlar nima maqsadda qurilganligini bilish uchun eng yirigi tanlab olindi va yoritish jihozlari yordamida 80-100 metr masofa va 10-15 metr pastlikka tushildi. Uning ayrim joylari juda tor, ayrim joylari keng va qo‘shimcha yo‘nalishlar ochilgan, - deyiladi xabarda.

G‘orning geologik qatlamlari asosan ohaktoshdan iborat bo‘lganligi sababli, g‘or o‘rta asrlar davrida (XII-XIII) mahalliy konchilar tarafidan qazilib yer ostki zahiralaridan juda keng ko‘lamda foydalangan hamda ganch qurilish materialining xomashosi olinganligi aniqlandi.