“Uzbekistan GTL”da ilk bor sintetik neft ishlab chiqarildi

“Uzbekistan GTL” zavodida sintetik neft ishlab chiqarila boshlandi.
Sputnik
TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarish jarayonlari va yakuniy mahsulot ishlab chiqarishni boshlash uchun tayyorgarlik jarayonini o‘rganish maqsadida, “O‘zbekneftgaz” Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev GTL zavodida bo‘ldi.
Tashrif davomida, GTL zavodning asosiy ishlab chiqarish qurilmalarining boshqaruv markazidagi ishchi holati bilan yaqindan tanishildi, hozirgi kunda ishchi holatdagi qurilmalardagi ko‘rsatkichlar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berib o‘tildi.
Shundan so‘ng, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” GTL zavodining asosiy qurilmalari hisoblanadigan Fisher-Tropsh reaktorlarining ishchi holati joyida o‘rganildi va ushbu reaktorda hosil bo‘layotgan sintetik neftning namunalari olindi.
Boshqaruv raisi zavodning markaziy laboratoriyasida ishlab chiqarilayotgan sintetik neftning laboratoriya tadqiqotlari natijalari bilan yaqindan tanishdi.
“Uzbekistan GTL” zavodi Yangi O‘zbekistonning neft-kimyo sanoati tarixida sintetik neftning birinchi partiyasi ishlab chiqarilgani rasman qayd etildi.
Hosil bo‘lgan sintetik neft GTL zavodida sintetik dizel, aviakerosin, nafta va suyultirilgan gazni ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo hisoblanadi.
Hozirda ishlab chiqarilayotgan sintetik neft zavodning oraliq mahsulotni saqlash rezervuarlarida to‘planmoqda va tez kunlarda qayta ishlash orqali yuqori sifatli bo‘lgan, ekologik toza sintetik suyuq yoqilg‘i mahsulotlari shu jumladan GTL dizel, kerosin, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi boshlanadi.
Boshqaruv raisi ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar birinchi navbatda ichki bozor ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining savdo platformalari orqali sotilishi bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
Mazkur voqea respublikaning zamonaviy neft-kimyo va neft-gazni qayta ishlash sanoati rivojida yangi texnologik bosqich hisoblanadi hamda ushbu kun O‘zbekistonda ilk bor sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishi yo‘lga qo‘yilgani uchun ramziy ma’noda tarixiy kun hisoblanadi.
14 iyun kuni GTL zavodida sintez-gaz ishlab chiqarilishi to‘laqonli yo‘lga qo‘yildi. 14-iyundan 15-iyunga o‘tar kechasi ishlab chiqarilgan sintez-gaz birinchi marotaba zavodning yuragi hisoblanmish Fisher-Tropsh reaktorlariga - sintetik suyuqlik ishlab chiqarish qurilmasiga yuborildi.
Reaktordagi texnologik jarayonidagi fizik va kimoviy reaksiyalar natijasida sintetik neft hosil bo‘lgani qayd etildi va laboratoriya sinovlari orqali tasdiqlandi.
Hozirda sintetik neft oraliq mahsulotni saqlash rezervuariga yuborilmoqda.