TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Kamilov Kobulga keldi.
Tolibon* TIV rahbari vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaki O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Kamilov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Tolibon* TIV matbuot kotibi o‘rinbosari Hofiz Ziyi Ahmad ma’lum qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil Ismatulla Irgashev ham bor.
Muzokarada savdo va tranzit sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish masalalari ko‘tarilib, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilindi.
Muttaki Afg‘oniston bo‘yicha iyul oyi oxirida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun taklif qilindi. Tolibon* O‘zbekistonga Savdo vazirligi vakillari boshchiligidagi delegatsiyani yuborish istagini bildirdi.
Yaqinda o‘zbekistonlik haydovchilar ilk marotaba Pokistondan Afg‘oniston hududi orqali yuk tashuvlarini amalga oshirdi.
“Toshkent – Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor – Karachi” yo‘nalishi bo‘ylab 2760 km yo‘lni bosib o‘tgan o‘zbekistonlik haydovchilar Karachi portidan ortilgan yukni (muzlatilgan go‘sht) bir haftada Toshkent shahriga yetkazib keldi.
* terrorchilik faoliyat uchun BMT sanksiyalari ostida