TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. Respublika ta’lim markazi hamda Rossiya davlat pedagogika universiteti hamkorligida o‘zbek va qardosh tillarida olib boriladigan maktablarning 2-11-sinf darsliklari yaratildi va chop etilmoqda. Bu haqda Respublika ta’lim markazi xabar berdi.
Toshkentdagi 110-maktabda rossiyalik hamda o‘zbekistonlik mualliflar ishtirokida o‘qituvchilar uchun mazkur darsliklarning taqdimoti o‘tkazildi.
“Ushbu darsliklar O‘zbekistondagi maktablarda rus tili fanini va umumta’lim fanlarini rus tilida o‘qitishning sifatini oshirishga qaratilgan “Zo‘r!” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan”, deyiladi xabarda.
Milliy o‘quv dasturi asosida yaratilgan darsliklarda endi fanni xorijiy til sifatida o‘qitish, o‘quvchida o‘qib va tinglab tushunish, fikrni yozma hamda og‘zaki tarzda ifodalay olish kabi 4 ta ko‘nikmani shakllantirishga e’tibor qaratilgan.
Har bir sinf darsligiga 2 tadan loyiha ishi, darslikning oxirida 7 ta tildagi lug‘at ham kiritilgan.
Bolalar darslik uchun yaratilgan AR ilovasi orqali darslikdagi audiolarni tinglashlari ham mumkin.
Ma’lumot uchun, 2020-yildan boshlab umumta’lim maktablari uchun 22 ta fandan, xususan, rus tili fanidan zamonaviy ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari, ilg‘or metodikalar hamda baholash tizimini ishlab chiqish maqsad qilingan.