O‘zbekiston og‘ir atletikachilari 4 ta medal qo‘lga kiritishdi

Misr va gruziyalik raqiblariga imkoniyatni boy bergan sportchilar, jamoa hisobiga uchta kumush va bitta bronza medalini qo‘shib quyishdi.
Sputnik
TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. Meksikada davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari 4 ta medal sohibi bo‘lishdi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Jahon chempionatida O‘zbekistondan 2 nafar vakil ishtirok etdi.
Unda Nigora Suvonova -76 kg vazn toifasida oltin medal uchun murosasiz raqobat olib bordi. Yakunda faqatgina misrlik raqibasiga imkoniyatni boy berdi va barcha yo‘nalishlarda kumush medallar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Abrorbek Ma’rufbekov -96 kg vazn toifasida bellashdi. U kuchli raqobatda 133 kg natija bilan dast ko‘tarish mashqida bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ikki kurashda esa uchinchi o‘rin egasiga atigi 1 kg imkoniyatni boy berib, to‘rtinchi o‘rinda musobaqani yakunladi.
Jamoa hisobiga Nigora Suvonova uchta kumush, Ma’rufbekov bitta bronza medalini qo‘shib quyishdi.