Yevroittifoq barcha imkoniyatlarini kuchga solib energiyadan qaramlikni kamaytirayotgan edi, ammo ma’lum bo‘lishicha, hozir sanoat sohasiga juda zarur bo‘lgan Rossiyaning arzon energotashuvchilari yetishmayotir. Narxlar eng baland cho‘qqida, yetkazib berish esa, Moskva ma’lum qilganidek, xohlagan vaqtda to‘xtatilishi mumkin. Zavodlar ishlab chiqarishni birin-ketin qisqartirmoqda. Brusselning yangi energetik siyosatidan ko‘proq qaysi sohalar jabr ko‘rdi?- RIA Novosti materialida
Inflyatsion zarba
YeIda energiya resurslari yil boshidan buyon 50 foizga qimmatlashdi va oxirgi 13-yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Inflyatsiya ortib bormoqda. May oyida ittifoqning 19 davlatida rekord qayd etildi: 8,1%. Birinchi navbatda energotashuvchilar(39,2%, aprelda 37,5 % tashkil etdi), oziq-ovqat mahsulotlari, alkogol va tamaki mahsulotlari, sanoat tovarlari sababli.
Estoniya, Latviya, Litvada undan ham ko‘proq: 20,1%, 18,5, 16,4. Eng yirik iqtisodiyot bo‘lmish Germaniya va Fransiyada – 8,7 va 5,8. Germaniya uchun - yarim asrlik maksimal ko‘rsatkich.
Bunday ko‘rsatkichlar Moskvaga qarshi sanksiyalar va Rossiya neft va gaziga qisman taqiq natijasidir. Iyun oyida Brussel qora oltinning quvur liniyasi importiga embargo qo‘lladi, ammo uglevodorodlardan butunlay voz kechishga jur’at eta olmadi. Dengiz orqali yuk tashish davom etmoqda. Biroq, bu ham juda qimmatga tushdi. Iste’molchilar ham, sanoat ham tovon to‘lamoqda. Yevropaliklarni “yoqilg‘i qashshoqligi” kutmoqda.
Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, YeI iqtisodiyoti halokatga yaqin, boz ustiga iste’molchi bozoridagi inflyatsion sunami – eng boshida turibdi. Ishlab chiqaruvchilar tariflari indeksining keskin o‘sishi narxlarning keyingi o‘sishidan dalolat beradi: yillik hisobda 36,8%.
Spiegel ning ta’kidlashicha, Rossiya neftiga Yevroittifoq qo‘llagan sanksiyalarning oltinchi paketi doirasida belgilagan qisman embargosi oqibatlari esa “narx-navolarga yanada zarba berishi”, foiz stavkalarining oshishi, daromatlar va aholining savdo-sotiq salohiyati pasayishi bo‘lishi mumkin.
Bruegel tadqiqot markazi direktori Guntram Volfning fikricha, inflyatsiya bosimi kuchayishda davom etadi va bozorlardagi vaziyat yomonlashadi.
Bir-biriga ergashib
Kuz faslidayoq gaz narxlari Yevropaning kimyo sanoatiga jiddiy zarba bergan edi. Norvegiyaning Yara International ASA kompaniyasi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 40%ga kamaytiradi. Britaniyaning CF Industries kompaniyasi ikkita zavodini yopdi, Germaniyaning BASF SE kompaniyasi ham ba’zi quvvatlarini o‘chirdi.
The Wall Street Journal ning yozishicha, endi ulardan andoza olib, boshqalar ham shu ishni davom ettirdi. O‘n yillar davomida Rossiyaning arzon neftlaridan foydalangan bir necha korxonalar darhol ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Chunki energiyalar uchun ortib borayotgan xarajatlarni qoplay olishmagan. “Zaharli” energotashuvchilarga muqobil topish uchun esa, ancha ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. Agar, Moskva gaz yetkazib berishni tamomila to‘xtatsa, hammasi tugaydi.
“Gazprom” Bolgariya, Finlyandiya va Polshaga yetkazib berishni to‘xtatdi. Chunki ular rublda savdo qilishdan bosh tortishdi. Rossiyaning YeIdagi gaz importidagi ulushi esa taxminan 40%ni tashkil etadi.
May oyida Italiyaning Ekologik o‘tish masalalari bo‘yicha vaziri Roberto Chingolani “Yevropa Ittifoqi qonunchilik bazasi va oqibatlarini ko‘rib chiqqunga qadar” rublda to‘lashga vaqtinchalik ruxsat berishga chaqirdi. 15-iyun kuni esa Italiyaning Eni kompaniyasi “Gazprom”dan yetkazib berish qisqarishi yozilgan bildirishnoma olgani haqida xabar berdi. Sabablari esa oshkor etilmagan.
Domino effekti
Hozirgi kunda AQSh, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalarda energotashuvchilar narxi Yevropanikidan arzonroq. Masalan, YeIda gaz narxi Amerika bozoriga qaraganda uch barobar qimmat. Shuning uchun Yevropa korxonalari raqobatga chiday oladigan ahvolda emas.
Yangi shartlar barcha sohalarda sezildi, lekin kimyo sanoati ko‘proq ta’sir qildi. OCI NV direktori Ahmad El-Xoshiyning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Niderlandiyadagi zavodda ammiak ishlab chiqarishni qisqartirgan va hozirda uni AQSh, Misr va Jazoirdan import qilmoqda.
Buyuk Britaniyada azotli o‘g‘itlar bozoridagi eng yirik korxonalaridan biri Ince zavodi yopildi. CF Fertilisers kompaniya ogohlantirishicha: bu oziq-ovqat ta’minoti zanjirlarini uzishi mumkin.
Milliy statistika burosi ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada inflyatsiya may oyida so‘nggi 40-yildagi eng yuqori darajaga yetib, to‘qqiz foizni tashkil qilgan. Umumiy olganda, Make UK (ishlab chiqarish sanoati korxonalari federatsiyasi) ma’lumotlariga ko‘ra, Britaniya kompaniyalarining 17%i “energetikani ko‘p talab qiluvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni” qisqartirgan.
Bundan metallurglar ham aziyat chekapti. Mart oyidan buyon ArcelorMittal po‘lat tegirmonlarini eng yuqori soatlarda, ya’ni ish vaqtining taxminan uchdan bir qismini to‘xtatmoqda. Acerinox Ispaniyaning Alxecirasdagi bittayu bitta zavodini yopdi.
Ispaniyada joylashgan Celsa po‘lat xoldingi Barselonadagi yillik quvvati 2,5 million tonna bo‘lgan zavodni “to‘xtatib qo‘yish” arafasida.
Yevropada esa “Putin quvurni to‘sib qo‘yadi”, deya qo‘rqib, gazni cheklashga tayyorlanishmoqda. “Gazprom” “Shimoliy oqim” qisqarishi haqida ma’lum qilganidan so‘ng, ko‘k yoqilg‘i narxi ming kubometr uchun 1200 yevrodan oshdi. Barcha prognozlarga ko‘ra, yuqori energiya xarajatlari YeIda sanoat ishlab chiqarishiga zarar yetkazishi va iqtisodiy o‘sishga xavf bo‘lish mumkin.