TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Parranda go‘shti ishlab chiqarish hajmlari yil yakunigacha kamida 35 foizga oshirilib, 600 ming tonnaga yetkaziladi.
Prezident parrandachilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan PQ-281-sonli qaror imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish va boshqa imtiyozlardan foydalanish huquqi faqatgina “my.vetgov.uz” saytida ro‘yxatdan o‘tgan hamda tegishli mezonlarga mos keluvchi parrandachilik xo‘jaliklariga beriladi.
Parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar adratiladi.
Shu yilning 1-iyunidan parrandachilik xo‘jaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga don zaxirasi yaratish uchun Markaziy bank asosiy stavkasida 3 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha revolver kreditlar ajratiladi.
Parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli davlat dasturlari bo‘yicha kredit mablag‘lari 10-yilgacha muddatga 3-yilgacha imtiyozli davr bilan ajratiladi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining parrandachilik xo‘jaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari loyihalarini moliyalashtirish uchun “Mikrokreditbank” ATBga yo‘naltirilgan miqdoridagi mablag‘larini qaytarish muddati 7-yildan 10-yilgacha 5-yillik imtiyozli davr bilan uzaytiriladi.
Tadbirkorlarga ularning mavjud quvvatlarini to‘liq ishga tushirish uchun oldin ajratilgan kreditlarning qaytarish muddati ularning arizasiga ko‘ra hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi takliflariga asosan 10-yilgacha uzaytiriladi.
Shu yilning 1-iyulidan 2024-yil 1-yanvarigacha har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilishdagi xarajatlarni qoplash uchun subsidiya miqdori 12 ming so‘m etib belgilandi.