TOShKENT, 16-iyun — Sputnik.Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha shartnoma asosida qo‘riqlash faoliyatini Milliy gvardiya amalga oshiradi.Bu haqda prezident tomonidan imzolangan “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.
Qo‘riqlash faoliyatining asosiy vazifalari:
jismoniy shaxslarning hayotini va sog‘lig‘ini tajovuzlardan himoya qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini hamda obyektlarini tajovuzlardan himoya qilish;
qo‘riqlanadigan obyektlar hududida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga chek qo‘yish;
yuridik shaxslarning qo‘riqlanadigan obyektlarida nazorat o‘tkazish va obyektning ichki rejimlarini ta’minlash.
Qo‘riqlash sohasidagi davlat siyosatini Milliy gvardiya amalga oshiradi.
Qo‘riqlash faoliyatini chet davlatlarning jismoniy shaxslari va tashkilotlari, shu jumladan xususiy tashkilotlari tomonidan amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qo‘riqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar o‘z harakatlari (harakatsizligi) natijasida qo‘riqlanadigan obyektga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplashi shart.
Davlat organlari qo‘riqlash bo‘linmalarining harbiy xizmatchilari va xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda xizmat qurolini qo‘llash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qo‘riqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifani bajarish uchun xizmat itlaridan foydalanishi mumkin.