TOShKENT, 16-iyun - Sputnik. Kechagi g‘alaba Timur Kapadzening yutug‘i, dedi taniqli futbol sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayev, Sputnik muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda.
“Kechagi g‘alaba jamoa murabbiysi Timur Kapadzeni yutug‘i, deb hisoblayman. Chunki darvozabon hamda boshqa o‘yinchilar bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan vaqtda hamda tomoshabinlar stadionga kiritilmagan vaziyatda murabbiy jamoani ruhan tayyorladi va chiroyli o‘yin ko‘rsatdi”, - deydi To‘xtamirzayev.
Mutaxassis aytishiga ko‘ra, Yaponiya tezkor hujum va original harakatlarga qodir jamoa. Shu nuqtayi nazarda kechagi g‘alabada murabbiyning jamoaga bo‘lgan ishonchi ham yaqqol ko‘rindi.
“Kecha o‘zimizning futbolchilar olg‘ir yaponiyaliklar ustidan g‘alaba qozonishdi. Bu g‘alabaga faqat gollar hisobiga emas, tinimsiz mehnat va tezkorlik evaziga erishildi, desa ham bo‘ladi.
Yana bir holat, o‘yinning ikkinchi taymida hisob 1:0 bo‘lib turgan vaqtda, Timur Kapadze qo‘rqmasdan o‘yinchilarni almashtirdi. Muhimi murabbiy o‘z shogirdlariga ishondi va bu ishonch xalqimizga g‘alabani tuhfa etdi”, - deydi faxr bilan Mirzahakim To‘xtamirzayev.
Mirzahakim To‘xtamirzayev
© Facebook
Sohaning yana bir mutaxassis professional sharhlovchi Murodjon Rizayev ham O‘zbekiston – Yaponiya o‘yinida Timur Kapadzening o‘rni qanchalik muhim ekaniga e’tibor qaratdi.
“Timur Kapadze yaxshi tarkib tuzgan, tan olish kerak, u jahon maydonlarini ko‘rgan professional murabbiy. E’tiborli jihati, stadionda muxlislarni ko‘pligi ba’zida o‘yinchilarga turtki bo‘lsa, ba’zida bosim beradi. Kechagi bahsda muxlislarning kiritilmagani o‘yinchilarning foydasiga ishladi, deb o‘ylayman.
Yaponlarning hujumlari kuchli bo‘lsada, bizning o‘yinchilar taktik sxema bilan ajoyib harakat qilishdi va ancha erkin o‘ynashdi. Hakam ham o‘yinni mahorat bilan boshqardi. Bu yerda qo‘shimcha kuchlar, o‘yinchilarning vaqtida almashtirilganligi, murabbiyning “V”, “S” reja bilan ishlaganligi foyda bo‘ldi”, - deydi Rizayev.
Murodjon Rizayev
© Facebook
O‘z tariximizda chempion bo‘lib qolishimiz kerak! - Kapadze
U23 Osiyo Kubogi doirasida bo‘lib o‘tgan o‘yinlardan so‘ng muxlislarning cheksiz ishonchini qozongan murabbiy, bo‘lajak o‘yindan yagona va oliy maqsad chempion bo‘lish ekanini ta’kidladi.
“Har bir o‘yin murabbiy uchun bitta imtihon, u og‘ir va o‘ziga xos darajada hayajonli bo‘ladi. Yaponiyaliklar ustidagi g‘alabada jamoa o‘yinchilari barcha topshiriqlarni a’lo darajada bajarishdi. O‘z tariximizda biz chempion bo‘lib qolishimiz va ishonchni oqlashimiz zarur. Qaysi jamoa bilan bahsga kirishsak ham mana shu oliy maqsadimiz sari olg‘a intilaveramiz”, - deydi Kapadze.
Shu yubilan birga murabbiy Saudiya Arabistoni kuchli raqib ekanini qayd etib jamoa o‘zining eng yaxshi o‘yinini namoyish etishiga ishonch bildirdi.
“Saudiya Arabistoni tajribali o‘yinchilar to‘plangan juda kuchli jamoa, biz ushbu o‘yinga katta shijoat bilan tayyorlanamiz va muxlislarimizga eng yaxshi o‘yinni taqdim etamiz”, - deydi Kapadze.
Ma’lumot uchun, U23 Osiyo Kubogi 2022 musobaqasining Saudiya Arabistoniga qarshi hal qiluvchi bahsi “Bunyodkor” stadionida 19-iyun kuni muxlislar ishtirokida bo‘lib o‘tadi. Bu O‘zbekiston U23 jamoasi uchun so‘nggi 4-yildagi ikkinchi final bahsi bo‘ladi.