Madaniyat va istirohat bog‘laridagi nosoz attraksionlarning faoliyati to‘xtatildi

Respublikada mavjud 1800 dan ziyod har xil turdagi attraksionlar o‘rganildi.
Sputnik
TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Respublikadagi 574 ta texnik nosoz deb topilgan attraksionning faoliyati cheklandi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Malika Mirjamolova ma’lum qildi.
Aytilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi mavjud attraksionlarni davlat nazoratidan o‘tkazish maqsadida hududlar kesimida 16 ta ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruhlar tomonidan respublikada joylashgan 143 ta madaniyat va istirohat bog‘idagi 1800 dan ziyod har xil turdagi attraksionlar o‘rganildi.

“Kamchiligi bor attraksionlardan foydalanmaslik sharti bilan va kamchiliklarni bartaraf qilungunga qadar to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha mahalliy davlat organlariga axborotnomalar va madaniyat va istirohat bog‘lari rahbarlariga 116 ta taqdimnoma berildi”, deydi Malika Mirjamolova.

Har bir madaniyat va istirohat bog‘ida yong‘in qutqaruv, tez tibbiy yordam va boshqa texnikaning moneyliksiz xarakatlanishi uchun shart-sharoit yaratish, favqulotda vaziyatlarda fuqarolarni evakuatsiya qilish yo‘llarini tashkil etish va ularning doimiy ochiq holatda bo‘lishini ta’minlash choralari ko‘rildi.
Attraksion operatorlari va mexaniklari o‘z vazifalarini yo‘riqnomalarda belgilangan tartibda amalga oshirishlari, fuqarolar tomonidan texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi qat’iy nazoratga olindi.
Hozirgi vaqtda aholi yashash joylaridagi ochiq maydonlarga o‘rnatilgan batut va attraksionlardan foydalanish keskin ortganligini inobatga olib, ulardan foydalanish xavsizligini ta’minlash choralari kuchaytirildi.
Ma’lumot uchun, respublikada mavjud attraksionlarning 450 ga yaqini istirohat bog‘lari tasarufida bo‘lsa, qolganlari hususiy tadbirkorlarga tegishli.