O‘zbekiston va Antigua va Barbuda o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi

Antigua va Barbuda O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 141-davlat bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. Nyu-Yorkda O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibrohimov va Antigua va Barbudaning BMTdagi doimiy vakili Uolton Alfonso Vebson tomonidan diplomatik munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommunike imzolandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
O‘zbekiston hamda Antigua va Barbuda o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini izlash uchun ikki tomonlama aloqalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“Biz ushbu kelishuv Antigua va Barbuda va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi ijtimoiy va madaniy munosabatlarni mustahkamlashga ko‘maklashishiga ishonamiz. Biz global birdamlik va global tinchlik yo‘lida birgalikda ishlayotganimiz uchun iqtisodiy jihatdan ham aloqalarni mustahkamlashga umid qilamiz”, - deydi Uolton Alfonso Vebson.
Ma’lumot uchun, Antigua va Barbuda O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 141-davlat bo‘ldi. Ushbu davlat Karib dengizining g‘arbiy qismida joylashgan. U Britaniya Hamdo‘stligi, shuningdek Amerika Davlatlari Tashkiloti a’zosi hisoblanadi.