TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov tez orada tashqi transport qatnovlarini qayta tiklashga ko‘rsatma berdi. Bu haqda “Turkmanportal” yangiliklar sayti xabar berdi.
Aytilishicha, prezident ishtirokida bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida dunyoda epidemiologik vaziyat normallashgani, ko‘plab mamlakatlar o‘z makonini ochgani qayd etilgan. Hozirda Turkmanistondan havo qatnovlari ikki yo‘nalishda – Qozon va Dubayga amalga oshirilmoqda.
Turkmaniston va boshqa mamlakatlar o‘rtasida muntazam havo qatnovlari 2020-yilda COVID-19 pandemiyasi sababli to‘xtatilgan edi. Respublika 2022-yilning 6-may kuni havo qatnovlarini qisman qayta tiklashini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 1-iyundan xorijiy davlatlar transport vositalariga Turkmaniston hududi orqali tranzit yuk tashuvlariga ruxsat etilgandi. Turkmaniston bo‘ylab tranzit yuklar tashishda bir qator talab va shartlarga rioya etish belgilangan.