TOShKENT, 13-iyun – Sputnik. Kecha Moskvada 15ta sobiq McDonald's restoranlari yangi nom, menyu va logotiplar bilan qayta ochildi. Ommabop tamaddixonaning yangi nomi "Vkusno — i tochka".
Yangi restoranlar bezatish ranglari, xodimlari kiyimlari va logotipi butunlay boshqacha bo‘ladi. Sobiq oq, qizil va sariq ranglar o‘rnida oq, yashil va kulrang ranglardan foydalanilgan. Taomnomada jiddiy o‘zgarishlar yo‘q, faqat burgerlarning nomi va upakovkasi (qadoqi) o‘zgargan. Ayrim burgerlar (big mak) endi savdoda bo‘lmaydi.
Pushkin maydonida joylashgan Rossiyadagi eng birinchi va yirik tamaddixonaning ochilishiga shahar meri Sergey Sobanin ham tashrif buyurdi.
O‘z nutqida Sobanin tarmoq restoranlarining qayta ochilishi 150 ming ishchi o‘rinlarni saqlab qolgani va yuz minglab xo‘randalarni xursand qilgani haqida gapirdi.
Shuningdek shahar meri, “Makdonalds” kerakli qarorni o‘z vaqtida qabul qilganini ham aytib o‘tdi. “Agar kompaniya biroz kechikkanida qaytib kelishning imkoni ham qolmasligi mumkin edi”, - dedi Sobanin.
Eslatib o‘tamiz, “Makdonalds” kompaniyasi o‘zining Rossiyadagi barcha (850ta) restoranlari faoliyatini to‘xtatish haqida 2022-yilning mart oyida e’lon qilgan edi. Shundan so‘ng shahar ma’muriyati imtiyozli shartlarda tez ovqatlanish shahobchalari ochishga tender e’lon qildi, kerakli miqdorda subsidiyalar ajratdi. Shu kunga qadar dastlabki 60ta ariza qanoatlantirilgan.
Tez ovqatlanish kompaniyasi iyun oyining oxiriga qadar Moskvada ishga tushgan oshxonlar sonini 50taga yil oxiriga qadar 200taga yetkazishni va’da bergan.