O‘zbekistonda xorijiy korxonalar soni bo‘yicha Rossiya yetakchilik qilmoqda

Ayni vaqtda Rosiya tadbirkorlari kapitali ishtirokida 2 565 ta korxona faoliyat yuritapti.
Sputnik
TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. 1 iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni eng yuqori bo‘lgan davlatlar orasida Rossiya yetakchilik qilmoqda. Bu haqo‘da Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayni vaqtda Rosiya tadbirkorlari kapitali ishtirokida 2 565 ta korxona faoliyat yuritapti. Keyingi o‘rinlardan 2 013 ta korxonaga ega Turkiya va 2 003 ta korxonaga ega Xitoy joy oldi.
Xorijiy kapital ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni bo‘yicha Qozog‘iston (1 140 ta) va Koreya (900 ta) ham kuchli beshtalikdan joy olgan.
Statqo‘mga ko‘ra, 1-iyun holatiga respublikada ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 14 566 tani tashkil etib, ulardan 14 119 tasi faoliyat yuritmoqda.
Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 465 taga oshgan.
O‘tgan yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash uchdan birga ortib, rekord daraja – 7,5 milliard dollarga yetgan. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiya ishtirokida tashkil etilgan 2 mingdan ortiq qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, Rossiyadan mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.