TOShKENT, 13-iyun - Sputnik. Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida 25 metrli quduqqa tushib ketgan 6 yoshli bolakay qutqarib qolingani haqida xabar bergan edik. Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, maxsus qutqaruv operatsiyasida 8-sinf o‘quvchisi ham qatnashgan.
“Qalqama” mahallasida yashovchi 109-sonli maktab o‘quvchisi Ozodbek Yo‘ldoshev quduqning tor tuynugidan o‘tib, bolakayni olib chiqqan. Unga velosiped sovg‘a qilindi.
“Kichik qahramon qutqaruvchi akalari va maxsus asbob-anjomlar yordamida quduqning tor tuynugidan mardonavor o‘tib, bolakayni olib chiqdi. O‘z navbatida, yosh xaloskor qahramon — Ozodbekka barcha yurtdoshlarimiz qatori Favqulodda vaziyatlar vazirligi ulkan minnatdorlik bildiradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kecha Chiroqchi tumanida olti yoshli bola 25 metrli artezian quduqqa tushib ketgan edi. Voqea joyiga zudlik bilan viloyat FVB qutqaruvchilari va tegishli xizmatlar kuch-vositalari yetib borgan. Qutqarish ishlariga FVBning maxsus texnikalari, ekskavator, greyder va boshqa texnikalar jalb etilgan.
Olib borilgan maxsus qutqarish operatsiyasi natijasida bola bugun qutqarib olingan.
Ayni vaqtda bolaning ahvoli yaxshi. Malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun tez tibbiy yordan xodimlariga topshirilgan.