TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. FVV xodimlari Chiroqchi tumanida artezian quduqqa tushib ketgan 6 yoshli bolani qutqarib qolishdi.
12 iyun kuni soat 14:01 larda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani “Langar” MFY, “Langar” qishlog‘ida yashovchi fuqarodan viloyat FVBning qisqa “1050” raqamiga murojat kelib tushgan.
Qayd etilishicha, shu kuni taxminan soat 13:30 larda fuqaroga tegishli bo‘lgan dala maydoni qazilgan. Ushbu jarayonda 200 diametirli suvsiz artezian quduqqa fuqaroning 6 yoshli o‘g‘li tushib ketgan.
Voqea joyiga zudlik bilan viloyat FVB qutqaruvchilari va tegishli xizmatlar kuch-vositalari yetib borgan. Qutqarish ishlariga FVBning maxsus texnikalari, ekskavator, greyder va boshqa texnikalar jalb etilgan.
“Olib borilgan maxsus qutqarish operatsiyasi natijasida bola bugun soat 10:25 da qutqarib olingan. Ayni vaqtda bolaning ahvoli yaxshi. Malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan”, deyiladi xabarda.
Bola 25 metr artezian suvsiz quduqdan sog‘-omon olib chiqildi. Yaqin orada bola ota-onasiga topshiriladi.