Rossiyada sudlanganlarning taksi va jamoat transportida ishlashi taqiqlandi

Yangi qonunga ko‘ra, taksida ayrim jinoyatlar uchun sudlanganlik holati tugallanmaganlar ishlay olishmaydi.
Sputnik
TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin sudlanganlik holati bo‘lgan shaxslarning taksi va jamoat transportida ishlashini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Hujjat 11-iyun kuni rasmiy huquqiy axborotlar portalida chop qilingan.
Qonun bilan taksida quyidagi jinoyatlar uchun sudlanganlik holati tugallanmagan bo‘lsa, ishlash taqiqlanadi: qotillik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, odam o‘g‘irlash, talonchilik, bosqinchilik, jinsiy daxlsizlik va shaxsning jinsiy erkinligiga qarshi, jamiyat xavfsizligiga qarshi, konstitutsiyaviy tuzim va davlat xavfsizligiga qarshi, insoniyat tinchligi va xavfsizligiga qarshi jinoyatlar. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlarida – Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham sodir etilgan jinoyatlar inobatga olinadi.
Quyidagi moddalar bo‘yicha sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmaganlar avtobus, tramvay va trolleybus haydovchilari bo‘la olishmaydi: jamiyat xavfsizligiga qarshi, konstitutsiyaviy tuzim va davlat xavfsizligiga qarshi, insoniyat tinchligi va xavfsizligiga qarshi jinoyatlar.
Qonun 2023-yil 1-martdan kuchga kiradi.
Rossiya qonunchiligiga binoan og‘ir jinoyatlar uchun sudlanganlik jazo muddati o‘talgandan so‘ng sakkiz yil o‘tib, o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun esa 10-yil o‘tib tugallanadi. Bu haqda sudning tegishli qarori qabul qilinadi.