Qovunning faqat issiqxonada yetishtiriladigan "Zarhal" navi yaratildi - foto

Qovunning hosili sharsimon, o‘rtacha kattalikda bo‘lib, og‘irligi atigi 0,8-1,5 kilogramm keladi.
Sputnik
TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda qovunning faqat issiqxonada yetishtiriladigan "Zarhal" navi yaratildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bu navni vazirlik huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Yekaterina Lyan boshchiligidagi seleksioner olimlari ixtiro qilishgan.
1 / 2
2 / 2
Ta’kidlanishicha, “Zarhal” faqat issiqxonada yetishtiriladi. Uni o‘ta ertapishar qovun toifasiga kiritish mumkin. U 72-78 kun davomida o‘sadi, palagi baquvvat, sershox. Bargi keng, qalin, to‘q yashil rangli, qirqimlidir.
Qovunning hosili sharsimon, o‘rtacha kattalikda bo‘lib, og‘irligi atigi 0,8-1,5 kilogramm keladi. Yuzasi esa tekis, sariq rangda. Ustida yashil rangli chiziqlar tortilgan. Ichki qismi oqish, xushbo‘y hidli.
"Zarhal"ning tarkibidagi quruq modda miqdori 13,5-14,5 foizni tashkil etsa, qand miqdori 12-13 foizdan iborat.
Hosildorligi 8-8,5 kg/m2 ga teng. Bu qovun navi un shudring va fuzarioz so‘lish kasalligiga chidamli ekani aytilmoqda.