Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yer degradatsiyasiga qarshi kurashishga oid vazifalar yuklatildi

Prezident qarori bilan Yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish masalalari bo‘yicha departament tashkil etildi.
Sputnik
TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha bir qator qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.
Vazirlik, jumladan:
yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi;
ushbu sohada davlat dasturlari va istiqbolga mo‘ljallangan strategiyalarni ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
yerlar degradatsiyasi va cho‘llanishi, shu jumladan yerlarni tiklash, rekultivatsiya va melioratsiya tadbirlari, yaylovlardan almashlab foydalanish, ularni saqlash va fitomelioratsiyalash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini almashlab ekish, o‘rmonlar va ihotazorlar barpo qilish jarayonlari monitoringini yuritadi;
yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish ishlarini olib borishga mas’ul korxona, muassasa, tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar uchun bu bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi.
Shuningdek, qaror bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligida Yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish masalalari bo‘yicha departament va hududlarda Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘limlari tashkil etildi.