TOShKENT, 10-iyun - Sputnik. Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuxamedov rasmiy tashrif bilan Moskvaga keldi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, dolzarb mintaqaviy va xalqaro mavzular muhokama qilindi.
Aytish joizki Serdar Berdimuhamedovning ushbu rasmiy tashrifi uning 2022-yil 19-martda Turkmaniston Prezidenti lavozimiga kirishganidan keyin birinchi xorijiy safaridir.
Mehmonni qutlar ekan, Vladimir Putin Rossiya va Turkmaniston orasidagi strategik ahamiyatga ega munosabatlar ildam rivojlanib borayotganini va yil boshidan buyon savdo-sotiq hajmi 40%ga oshganini qayd etdi.
Berdimuxamedov, o‘z navbatida Rossiya prezidentini hamda butun rus xalqini yaqinlashib kelayotgan Rossiya kuni bilan tabrikladi. Shuningdek kelajakda ham ikki davlat orasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olishga asoslangan bo‘lishiga umid bildirdi.
Undan tashqari, Serdar Berdimuxamedov Rossiya prezidentiga samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib sobiq prezident Gurbanguli Malikgulevich Berdimuhamedovning salomini Putinga yetkazdi.