TOShKENT, 10-iyun – Sputnik. Rossiyada Amur darosi orqali o‘tgan birinchi xalqaro avtomobil ko‘prigi ishga tushdi. Bu ko‘prik Rossiyaning Blagoveshensk shahri va Xitoyning Xeyxe shahrini bog‘laydi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Telekonferensiya formatida o‘tkazilgan bayram tadbirida Bosh vazir o‘rinbosari, Rossiya Prezidentining Uzoq Sharqdagi muxtor vakili Yuriy Trutnev, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vazirining o‘rinbosari Xu Chunxua, Rossiya transport vaziri Vitaliy Savelev, shuningdek, Uzoq Sharq va Arktikani rivojlantirish vaziri Aleksey Chekunkovlar ishtirok etishdi.
Trutnev aytishiga ko‘ra, ushbu ko‘prik qurilishida har ikki tomondan minglab quruvchilar ishtirok etgan. Ko‘prikning yana bir o‘ziga xosligi shundaki - loyiha budjet mablag‘larisiz amalga oshirilgan.
Harakatni Heyxe provinsiyasi gubernatori Xua Changsheng boshlab berdi va u rus tilida: "Poyexali!" dedi.
Ko‘prik orqali Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi yiliga million tonnagacha yuk tashiladi va tashish vaqti ham qisqaradi.
"Xitoy tomoni o‘tish joyini ishga tushirish, yaxshiroq logistika xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatidan foydalanishga tayyor. Biz birgalikda ko‘prikni do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylantiramiz", - dedi Xu Chunxua.
Ayni damda “Gazprom Helium Servise” parkidan ekologik toza yoqilg‘i – suyultirilgan gazda ishlaydigan sakkiz rus traktori Xitoyga jo‘nab ketdi.
Xitoy tomonidan esa 8ta yuk mashinasi Rossiyaga yo‘l oldi - ular avtomobil shinalari va elektr jihozlari uchun butlovchi qismlarni yetkazib berishadi.
Eslatib o‘tamiz, ko‘prik qurilishi 2016-yilda boshlangan va bir vaqtning o‘zida ikkita qirg‘oqdan olib borilgan. Ko‘prikning ochilishi 2020-yil oxiriga rejalashtirilgan edi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli kechga qoldirildi.
Obyektni qurish uchun 19 milliard rubl sarflangan, shundan 14 milliard rubl Rossiya hududiga kiritilgan.