Poyga ishqibozlari uchun drift va dreg-reysing maydoni quriladi

Avtopoyga ishtirokchilari maydonda xavfsiz harakatlanishi hamda avtomototransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. Drift va dreg-reysing uyushtirish uchun Toshkentning Bektemir tumani “Shonazar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan yer uchastkasi ajratiladi. Bu bo‘yicha 9-iyunda Xalq deputatlari shahar kengashining qarori qabul qilindi.
Avtopoygachilar uchun quyidagi qulayliklarga yaratiladi:
Ishtirokchilar maydonda xavfsiz harakatlanishi, drift uyushtirish uchun o‘zlari bilan olib kelgan avtomototransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish;
Tomoshabinlar uchun qulay shart-sharoit yaratish va xavfsizlik choralarini ko‘rish;
Avtoturargoh, servis va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari hamda jihozlangan tibbiy yordam ko‘rsatish stansiyasi ishga tushirish.
Yer uchastkasi tender asosida beriladi va hududni zamonaviy jahon standartlariga mos ravishda bo‘lishi uchun davlat va xususiy sherikchilik asosida xorijiy investorlar jalb qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga yoshlar uchun “drift” va “drag-reysing” uyushtirishni ko‘rib chiqish taklifini bergan edi.
Jahongir Ortiqxo‘jayev poyga uyushtirganlar uchun 10−15 sutkaga qamash jazosini qo‘llash o‘rniga, ularga avtopoyga uchun maxsus maydon qurib berish va xalqaro chempionatlarni tashkillashtirish lozimligini qayd etib o‘tgan.