TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) mamlakatlari yoshlari o‘rtasida har yili shaxmat bo‘yicha turnir va startap loyihalar forumini o‘tkazishni taklif qilmoqda. Bu haqda bugun Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev so‘z ochdi.
Juma kuni O‘zbekistonda ShHT Yoshlar kengashining 15-yig‘ilishi boshlandi. O‘zbekiston mazkur yig‘ilishga raislik qilmoqda.
“Biz shaxmatni yanada ommalashtirishda barcha mamlakatlarimizning sa’y-harakatlarini birlashtirishni xohlaymiz... Shu maqsadda ShHT doirasida xalqaro shaxmat turnirini o‘tkazishni taklif qilaman”, - dedi Sa’dullayev yig‘ilishning ochilish marosimida.
Sa’dullayevning aytishicha, yig‘ilish doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Unicorns SCO: ShHT yoshlari o‘rtasida eng yaxshi startap loyihalar tanlovi”ning final bosqichi g‘oliblarini tantanali mukofotlash marosimi tashkil etiladi.
Unda ShHTga a’zo mamlakatlarning Yoshlar kengashi faollari ishtirok etishi kutilmoqda. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha ShHT Yoshlar kengashining 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlanishi kutilmoqda.
“Biz ushbu startap tanlovini alifbo tartibida har yili yoshlar startaplari forumi shaklida o‘tkazishni taklif qilamiz”, deya qo‘shimcha qildi agentlik rahbari.
ShHT – 2001-yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilot. Unga Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston a’zo bo‘lgan. ShHTda kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kamboja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka.
Hozirgi vaqtda ShHT hududida 3,2 mlrddan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Ularning 55% dan ortig‘ini yoshlarni tashkil etadi.