Urush faxriylari, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga har oy qo‘shimcha pul beriladi

Qo‘shimcha to‘lov bepul yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena tovarlari, kiyim-kechak va poyabzallar o‘rniga to‘lab beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. Urush faxriylari, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga har oy qo‘shimcha pul beriladi. Bu bo‘yicha 8-iyun kuni prezident qarori qabul qilindi.
Ushbu hujjat urush faxriylari, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni manzilli ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada oshirish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadida qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, quyidagilarga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov to‘lab boriladi:
1941-1945 yillardagi urush faxriylari;
Konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari;
Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolar;
O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar;
Nogironligi bo‘lgan shaxslar.
Ushbu to‘lov bepul yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena tovarlari o‘rniga to‘lab beriladi.
Shuningdek, 1941-1945 yillardagi urush faxriylari va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga kiyim-kechak xaridi uchun har yili avgust oyida bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari miqdorida to‘lanadigan kompensatsiya joriy etiladi.
To‘lov bepul yetkazib beriladigan zarur kiyim-kechak va poyabzallar o‘rniga amalga oshiriladi.
Bunda, to‘lovlar Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan pensiyalarni va nafaqalarni tayinlashga mas’ul bo‘lgan tashkilotga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.