Markaziy bank asosiy stavka nega 16 foizgacha pasaytirilganini tushuntirdi

Bank xabariga ko‘ra, stavkaning pasaytirilishi “qat’iy” pul-kredit sharoitlarini saqlab qolgan holda tashqi xatarlar uchun qo‘shilgan qo‘shimcha yuklamani neytrallashtirishga qaratilgan.
Sputnik
TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 17 foizdan 16 foizgacha pasaytirdi.
“Tashqi iqtisodiy xatarlarning qisqa muddatli salbiy to‘lqinlarining ortda qolganligi, aprel-may oylarida ichki valyuta bozorining barqarorlashuvi, valyuta oqimlari va milliy valyutadagi muddatli depozitlar o‘suvchi dinamikasining tiklanganligini inobatga olib Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 16 foizgacha pasaytirildi”, - deyiladi bank xabarida.
Qayd etilishicha, stavkaning pasaytirilishi inflyatsion xatarlarni jilovlashga yo‘naltirilgan “qat’iy” pul-kredit sharoitlarini saqlab qolgan holda tashqi xatarlar uchun qo‘shilgan qo‘shimcha yuklamani neytrallashtirishga qaratilgan.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

MB savdo-hamkorlarda kuzatilgan xatarli vaziyatning mamlakat iqtisodiyotiga qisqa muddatli salbiy to‘lqinlari ortda qolgani va dastlabki baholashlardan farqli ravishda so‘nggi ikki oyda ijobiy tendensiyalar kuzatilayotganini ta’kidlagan.
Xususan, tashqi savdo operatsiyalari hajmlari va pul o‘tkazmalarning yuqori sur’atlarda tiklanishi ichki valyuta bozorida taklifni ko‘paytirib, mos ravishda so‘m qadrining mustahkamlanib borishini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Yanvar-mart oylarida mamlakatga o‘rtacha oylik 490 mln dollarlik pul o‘tkazmalari kirib kelgan bo‘lsa, aprel-may oylarida bu ko‘rsatkich 1,3 mlrd dollarga yetgan. Oylik eksport tushumlari hajmi yanvar-mart oylariga nisbatan 1,3 barobarga oshdi, eksport tushumlari hisobidan ichki valyuta bozorida sotilayotgan mablag‘lar miqdori 1,4 barobarga ko‘paydi.
So‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 2022-yil mart oyining birinchi yarmida o‘zining yuqori darajasiga yetib, yil boshiga nisbatan 6,8 foizga qardsizlangan bo‘lsa, mart oyining ikkinchi yarmidan bugungi kunga qadar 5,1 foizga mustahkamlandi. Natijada, so‘mning yil boshidan qadrsizlanishi 1,6 foiz doirasida shakllandi.

“Umuman olganda, may oyi yakunlari bo‘yicha so‘mning real almashuv kursi o‘zining uzoq muddatli trendiga yaqinlashdi (2019 yil sentabr oyidagi darajaga nisbatan mustahkamlanish 2 foiz) va tashqi raqobatbardoshlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan dinamika hosil qilmoqda”, - deyiladi xabarda.

Ayni paytda oltin valyuta zaxiralarining “neytrallik tamoyili” bo‘yicha Markaziy bank ichki valyuta bozoriga aprel-may oylarida, so‘m almashuv kursning qisqa muddatda keskin mustahkamlanib ketishini oldini olish maqsadida bozordan 523 mln dollarlik valyuta mablag‘larini sotib olgan.
Umuman olganda, yil boshidan “neytrallik tamoyili” bo‘yicha ichki valyuta bozoriga intervensiya qilinmagan miqdor qariyb 1 mlrd dollarni tashkil etadi va kelgusida almashuv kursining barqarorligini ta’minlashga qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat kiladi.
Shu bilan birgalikda, yil so‘ngigacha jahon iqtisodiyotida makroiqtisodiy jihatdan noaniqlik va xatarlar saqlanib qolmoqda.

Iqtisodiy faollik

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi oylarda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotni kreditlash faolligi va sur’atlarida biroz sekinlashish dinamikasi kuzatilmoqda.
2022 yil may oyi yakuni bo‘yicha iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar qoldig‘ining yillik o‘sishi 17,4 foizni tashkil etib, kutilayotgan YaIM nominal hajmining o‘sish sur’atidan ma’lum darajada past shakllanmoqda.
Shuningdek, iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan kreditlar miqdori joriy yilning birinchi choragida o‘tgan yilga nisbatan 13,6 foizga o‘sgan bo‘lsa, yanvar-may oylarida o‘sish sur’ati 8,8 foizgacha sekinlashdi.
Markaziy bank kuzatuvlariga ko‘ra, so‘nggi ikki oyda iqtisodiyot tarmoqlarida faollik indeksi mart oyidagi 54 dan may oyida 53 bandgacha pasayganligi qayd etildi. Bunda, xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida faollikning birinchi chorakka nisbatan ma’lum darajada susayishi kuzatildi.

Ichki narxlar dinamikasi va inflyatsion kutilmalar

May oyi yakuni bo‘yicha yillik inflyatsiya darajasi 11 foizni tashkil qildi va prognoz trayektoriyasi doirasida bo‘ldi.
Bunda, tarkibiy jihatdan nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari yillik o‘sishi 10,3 foizni va xizmatlar narxlari – 6,2 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiyadan past darajada shakllandi. Oziq-ovqat tovarlari guruhidagi narxlar dinamikasi tashqi bozorlardagi narxlarga hamohang o‘suvchi xarakterga ega bo‘lmoqda.
MB meva-sabzavotlar guruhidagi mahsulotlar narxlarida mavsumiy pasayishlar, umumiy inflyatsiyaga kamaytiruvchi ahamiyat kasb etayotgan bo‘lsa, ayrim turdagi asosiy oziq ovqatlar va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarida o‘sish kuzatilayotganini ta’kidlagan.
Yuzaga kelayotgan inflyatsion jarayonlar ko‘proq taklif omillari bilan bog‘liq bo‘lib, mintaqadagi joriy geosiyosiy vaziyatning mahsulot yetkazib berish, transport-logistika jarayonlariga salbiy ta’sirini o‘zida ifoda etadi.
Aholi va tadbirkorlik subyektlarining kelgusi o‘n ikki oylik kutilmalari joriy yil aprel oyida sezilarli darajada pasayish kuzatilgan bo‘lsa, may oyida tartibga solinadigan narxlar bilan bog‘liq o‘zgarishlar bo‘yicha informatsion oqimlar natijasida qisqa muddatli inflyatsion kutilmalarni oshishi kuzatildi.
Yoz oylarda meva va sabzavotlar narxlari yanada arzonlashishini, so‘nggi oylarda kuzatilgan so‘m almashuv kursining narxlarga o‘tkazma ta’sirlarining pasaytiruvchi xususiyat kasb etishi va kutilayotgan tarif erkinlashtirishlarni inobatga olib joriy yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya prognozi 12-14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.
Ichki bozorlarda narxlarni muvozanatlashtirish maqsadida Hukumat iste’mol bozorlarida mahsulotlar taklifini ko‘paytirish, logistik qiyinchiliklarni bartaraf etish, muqobil import yo‘nalishlari orqali asosiy iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabni qondirish bo‘yicha choralarni ko‘rib bormoqda.

Pul-kredit sharoitlari

Aprel-may oylarida pul bozoridagi amaliyotlar bo‘yicha o‘rtacha foizlar 18 foiz atrofida shakllanib, qisqa muddatli resurslar bozorida “qat’iy” pul-kredit sharoitlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha taklif etilayotgan foiz stavkalari (21-23 foiz) aholining inflyatsion kutilmalarga nisbatan ham ijobiy tafovutda shakllanib, milliy valyutada jamg‘arishning jozibadorligini ta’minlamoqda.
Mart oyida kuzatilgan milliy valyutadagi depozitlarning vaqtinchalik pasayuvchi sur’ati aprel-may oylarida to‘liq o‘suvchi tendensiyaga o‘zgardi va aholining muddatli depozitlari hajmi yil boshiga nisbatan 22,4 foizga o‘sdi.
“Shu bilan birga, so‘nggi ikki oyda muomaladagi naqd pullar hajmining yuqori sur’atlarda o‘sishi kuzatilmoqda. Bu, asosan, aholi tomonidan transchegaraviy pul o‘tkazmalari orqali kelgan xorijiy valyuta mablag‘larini banklarga sotish hajmining oshishi va bir martalik ijtimoiy yordam pullarini may oyida to‘lanishi bilan izohlanadi. Xususan, o‘tgan besh oyda banklarning aholidan valyuta xaridi va aholiga valyuta sotuvi o‘rtasidagi ijobiy tafovut 1,5 mlrd dollarni tashkil etdi”, - deyilgan xabarda.
Milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalar o‘rtacha 22-23 foiz doirasida shakllandi.

Maroiqtisodiy kutilmalar

Mamlakatga eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar orqali kirib kelayotgan valyuta oqimlari ichki valyuta bozorida taklifni qo‘llab-quvvatlab, qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda so‘m almashuv kursining barqarorlashuviga xizmat qilishi kutilmoqda.
Valyuta kursining barqarorligi, o‘z navbatida, narxlarga nisbatan “import inflyatsiyasi” ta’sirini yumshatuvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Iqtisodiyotda real foiz stavkalar ijobiyligini ta’minlash orqali milliy valyutadagi aktivlar jozibadorligini oshirish hamda bank tizimi umumiy likvidligini tartibga solish orqali qabul qilinayotgan qarorlarning iqtisodiyotga samarali o‘tishiga erishish maqsadida yil yakuniga qadar:
likvidlikni jalb etishga qaratilgan overnayt depozit operatsiyalari va ikki haftalik depozit auksionlari cheklovlarsiz amalga oshiriladi;
Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqariladigan qisqa muddatli obligatsiyalar oylik o‘rtacha qoldig‘i bo‘yicha limitlar 25 trln. so‘mgacha yetkaziladi;
tijorat banklari tomonidan auksionlarda xarid qilinadigan Markaziy bank obligatsiyalari bo‘yicha daromadlilik asosiy stavkaning yuqori chegarasi darajasi saqlab qolinadi.
Markaziy bank o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlarni ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha yangilashni rejalashtirmoqda. Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi tayanch yig‘ilishi 2022-yil 21-iyul sanasiga belgilangan.