TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. Hukumat qarori bilan bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi ekspertlarni akkreditatsiya qilish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" telegram kanali xabar qildi.
Reglamentga ko‘ra, ariza beruvchi Davlat xizmatlari markazi(DXM)ga bevosita yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) ("my.gov.uz") orqali elektron murojaat qiladi. Ariza beruvchilar oliy ma’lumotga, pedagogika, yoshga oid psixologiya va fiziologiya, bolalar psixiatriyasi sohalarida bilimlarga (diplom yoki sertifikatga) ega bo‘lishi kerak. So‘rovnoma to‘ldirilib, 7 ish kunida o‘rganib chiqiladi.
Ariza beruvchini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingach, talabgor 1 kun ichida akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Ekspert akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risida guvohnoma 5-yil muddatga beriladi.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha reglament ham tasdiqlangan. Unga ko‘ra, ariza beruvchi buning uchun DXMga bevosita yoki "my.gov.uz" orqali elektron murojaat qiladi.
So‘rovnoma to‘ldiriladi hamda vakolatli organ (Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) 15 ish kunida ariza beruvchini attestatsiyaga qo‘yish yoki qo‘yilmasligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Vakolatli organ attestatsiya guruhi shakllanishiga qarab talabgorlarni attestatsiyadan o‘tkazadi (5-10 ta savoldan iborat og‘zaki suhbat).
Attestatsiyada qatnashishdan chetlashtirilgan talabgor 6 oy davomida keyingi attestatsiyalarga qo‘yilmaydi. Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari har 3-yilda attestatsiyadan o‘tadi.
Mazkur davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun yig‘im undirilmaydi.