Toshkentdan Nukusga ketayotgan avtobus yonib ketdi

Yong‘in natijasida avtobus to‘liq yonib ketgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.
Sputnik
TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Bugun tongda To‘rtko‘l tumani hududidan o‘tgan avtomagistral yo‘lida harakatlanayotgan avtobusda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV xabar berdi.
Aytilishicha, soat 03:14 da Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani “Oq qamish” OFY hududidan o‘tgan A-380 avtomagistral yo‘lining 555 km.da Toshkentdan Nukusga harakatlanib kelayotgan “YUTONG” rusumli yo‘lovchi tashuvchi avtobusda yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida tuman FV bo‘limiga xabar kelib tushgan.
“2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 03:40 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 04:15 da bartaraf etilgan”, deyiladi xabarda.
Yong‘in natijasida avtobus to‘liq yonib zararlangan. Yong‘in elektr simlarining qisqa tutashuvi natijasida sodir bo‘lganligi taxmin qilinmoqda.
Avtobus salonida 55 nafar yo‘lovchi va 2 nafar haydovchi bo‘lgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.
Ma’lumot uchun, eng yaqin yong‘in o‘chirish qismidan yong‘in ro‘y bergan manzilgacha bo‘lgan masofa taxminan 45 kmni tashkil etadi.