TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. 9-10 iyun kunlari Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT )Yoshlar kengashining 15- yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Yuqori darajadagi uchrashuvda ShHT Yoshlar kengashining a’zo davlatlardagi mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar, ShHT va Yoshlar kengashi Kotibiyatlari ishtirok etishi kutilmoqda.
“Ushbu yig‘ilish mintaqada yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning intellektual salohiyatini oshirish hamda bandligini ta’minlash bo‘yicha birgalikda yoshlar uchun yangi dastur va loyihalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni o‘z ichiga oladi”, - deyiladi xabarda
Aytilishicha, yoshlar sohasidagi innovatsion va ilmiy-texnikaviy hamkorlik, yosh mutaxassislar uchun o‘zaro tajriba almashish maydonlarini yaratish, ularning salohiyatini oshirish kabi dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashiladi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Unicorns SCO: ShHT yoshlari o‘rtasida eng yaxshi startap loyihalar tanlovi”ning final bosqichi g‘oliblarini tantanali mukofotlash marosimi tashkil etiladi.
Unda ShHTga a’zo mamlakatlarning Yoshlar kengashi faollari ishtirok etishi kutilmoqda. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha ShHT Yoshlar kengashining 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlanishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtda ShHT hududida 3,2 mlrddan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Ularning 55% dan ortig‘i yoshlarni tashkil etmoqda.