Qishloqlarda ekstremal sharoitda qo‘llaniladigan issiqlik qurilmasi yaratildi

Qurilma yil davomida elektr energiyasi va issiq suv olish uchun mo‘ljallangan.
Sputnik
TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Qishloq hududlarida ekstremal sharoitlarda qo‘llash uchun foto-issiqlik qurilma ishlab chiqildi. Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Kristalli kremniydan tayyorlangan fotoyelektrik batareyalar asosidagi quvvati 300 Vt bo‘lgan foto issiqlik qurilmasi respublikaning qishloq hududlarida yil davomida elektr energiyasi va issiq suv olish uchun mo‘ljallangan.
“Qurilmani tayyorlashda qishloq xo‘jaliklarida yashovchi aholiga yoz va qish ob-havo sharoitlarida elektr va maishiy texnika vositalaridan foydalanishda qulaylik yaratish zarurligiga e’tibor qaratilgan”, deyiladi xabarda.
Uy sharoitida foydalanish uchun harorati 70°C gacha bo‘lgan issiq suv olishda qurilma bilan “Ariston” tipidagi elektr suv isitgichlarini birgalikda ishlatish ko‘zda tutilgan.
U zamonaviy kontroller, GEL tipidagi akkumulyatorlar, invertor, zamonaviy tayanch konstruksiya va issiq suvni saqlash uchun 300 litr hajmli idish bilan jihozlangan.
Qurilma parametrlarining quyoshli tabiiy sharoitlarga bog‘liqligi o‘rganilgan. Quvvati 600 Vt gacha bo‘lgan ~ 220 V, – 12 V va –5,4 V kuchlanishga mo‘ljallangan iste’molchilar uchun loyihalash va ishlab chiqarish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Qurilma Fizika-texnika institutining geliopoligoni sharoitida sinovlardan muvafaqqiyatli o‘tkazildi.