TOShKENT, 8-iyun - Sputnik. O‘zbekiston CrescentRating tomonidan har yili e’lon qilinadigan World Muslim Travel Index’da kuchli o‘ntalikka kirdi. Bu haqda Cingapurda musulmon turizm bozorini tiklash va rivojlantirishga bag‘ishlangan “Halal In Travel – Global Summit 2022” sammitida ma’lum qilindi, deya xabar berdi “Dunyo”.
Ushbu reytingni ishlab chiqishda mamlakatning sayyohlar uchun ochiqlik siyosati, musulmon turistlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, targ‘ibot va marketing, islom merosini sayyohlarga yetkazish darajasi kabi qirqdan ortiq mezon hisobga olingan.
CrescentRating tashkiloti rahbari Fazal Bahardin bu yilgi ko‘rsatkichlarga alohida to‘xtalib, O‘zbekistonni reytingda eng tez ko‘tarilgan va boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan davlat sifatida tan oldi.
“Ushbu sammit dunyoning turli burchaklaridan turizm sohasida tajribaga ega 70 dan ortiq soha mutaxassislarini birlashtirdi”, deyiladi xabarda.
1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda 35 ta restoran (tezkor ovqatlanish tarmoqlari) va 4 ta mehmonxona “Halol” sertifikatiga ega bo‘ldi.