TOShKENT, 8-iyun - Sputnik. Kemerovoda otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Tadbir O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulligi tomonidan tashkil qilindi. O‘zA xabariga asosan.
Tadbir ishtirokchilariga shoir hayoti va ijodini aks ettiruvchi ko‘rgazma va videofilmlar, taniqli rejissor Murod A’zamov sahnalashtirgan “Usmon Nosir” spektaklidan parchalar namoyish etildi. O‘zbekistonlik talabalar shoirning “Oq she’r” “Mening bog‘im”, "Yurak" she’rlarini o‘qib berdi.
Tadbirda "Vatandoshlar" jamoat fondi rahbari Odiljon Sattorov shoirning noyob iste’dodi, matonati, vatanparvarligi haqida gapirdi.
– Usmon Nosir nafaqat O‘zbekiston, balki butun MDH davlatlarining mashhur shoirlaridan biri, – deydi rejissor Yevgeniy Alladinskiy. - Uning she’rlari hali ham Kemerovo viloyati aholisining qalbida yashaydi. Ushbu tadbir ishtirokchilari, jumladan men ham shoir haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Bugungi tadbir O‘zbekiston hukumatining o‘z fuqarolariga alohida e’tibor qaratayotganidan, vatandoshlar bilan aloqalarni uzlashdan, o‘zbek xalqining buyuk ajdodlari xotirasini abadiylashtirishga qaratilayotganidan dalolatdir.
"Vatandoshlar" jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan anjumanda viloyatda istiqomat qilayotgan o‘zbek diasporasi vakillari bilan birga san’atkorlar, adabiyot ixlosmandlari, faol hamurtlarimiz, talaba yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.