Birjadan tashqari savdolarda un narxi pasaymoqda

Bir qop unning narxi may oyiga nisbatan o‘rtacha 270-290 ming so‘mdan 240-260 ming so‘mgacha pasaydi.
Sputnik
TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Birjadan tashqari savdolarda un narxi pasaymoqda. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Respublika tovar xom-ashyo birjasi axborot xizmati rahbari Hikmatulla Tillaboyev ma’lum qildi.
Hikmatulla Tillaboyevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda un zahiralari yetarli bo‘lganligi sababli un mahsuloti birja savdolariga ko‘proq miqdorda chiqarilmoqda.
O‘tgan davrda “O‘zdonmahsulot” AJ tarkibidagi 44 ta korxona birja savdolariga 45,0 ming tonna 1-navli un qo‘ydi va ulardan 43,8 ming tonnasi (97 %) sotildi.
O‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra 1-navli unning o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 549,3 ming so‘mni tashkil qildi.
“Unning ochiq birja savdolariga o‘tkazilishi va uning bozordagi taklif darajasini oshishi natijasida birjadan tashqari bozorlarda bir qop unning narxi may oyiga nisbatan o‘rtacha 270-290 ming so‘mdan 240-260 ming so‘mgacha pasaygan”, deydi Hikmatulla Tillaboyev .
Ma’lumot uchun, 1-iyundan boshlab 1-navli un mahsuloti ochiq birja savdolariga qo‘yilishi va sotilishi boshlandi. 6-iyungacha O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida un bo‘yicha dastlabki birja savdolari o‘tkazildi.
Bozorlarni un mahsuloti bilan tezkor to‘ldirish maqsadida 4-iyunda ham qo‘shimcha savdolar bo‘lib o‘tgandi.