TOShKENT, 7-iyul - Sputnik. Polsha tomonidan Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar Boltiq dengizi uchun ekologik halokat xavfini tug‘dirmoqda, dedi Polshaning “Sulzer Pumps Wastewater” kompaniyasi xodimi Mixal Dudek Onet.pl nashriga bergan intervyusida.
Qayd etilishicha, Polsha Ichki ishlar vazirligi aprel oyi oxirida rasmiylar Rossiya kapitali bilan aloqadorlikda gumon qilgan 35 firma faoliyatini de-fakto taqiqlagan. Ro‘yxatga, xususan, kanalizatsiya tozalash va tashish sohasida ishlaydigan “Sulzer Pumps Wastewater” Polsha kompaniyasi kiritilgan. Mamlakat bo‘ylab yuzlab tashkilotlar uning xizmatlaridan foydalangan.
Dudekning so‘zlariga ko‘ra, bir qancha shahar va korxonalarning tozalash inshootlarida o‘rnatilgan uskunalar o‘n yildan ortiq vaqtdan beri to‘xtovsiz ishlab kelmoqda. Uning to‘satdan ishlamay qolishi Boltiq dengizining ifloslanishi xavfini tug‘diradi.
“Uskunalar buzilgan taqdirda kanalizatsiya daryo, ko‘l yoki dengizga tashlanadi”, - deb tushuntirdi Dudek.
Ta’kidlanishicha, agar bunday muammo yuzaga kelsa, kompaniya xodimlari uni bartaraf eta olmaydi. Uning qo‘shimcha qilishicha, kompaniyaning yonilg‘i kartalari bloklangan, mashinalar lizing kompaniyasi tomonidan olib ketilgan, to‘lov amalga oshirilmagani uchun telefonlar tez orada o‘chadi.
“Qurilma kafolat ostida bo‘ladimi yoki yo‘qmi, biz xizmat ko‘rsata olmaymiz yoki ehtiyot qismlarni almashtira olmaymiz. Ekologik halokat yaqinlashmoqda”, - deydi u.
Avvalroq, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak Germaniya aholisi gaz narxining ko‘tarilishi fonida ommaviy ravishda o‘tin zaxiralashni boshlaganini aytgan edi. Shuningdek, Polsha hukumati fuqarolarga energiya narxining oshishi sabab o‘rmonlarda o‘tin yig‘ishni taklif qilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Xitoylik iqtisodchilar G‘arb Rossiyaga qarshi sanksiyalar bilan o‘zini o‘zi jazolaganini aytgan edi.