TOShKENT, 7-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda endi yer maydonlarining haqiqiy bahosi auksionda aniqlanadi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyev raisligi ostida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda oy yakuni bilan 25 mingta yer uchastkalarini servis va savdo obyektlari uchun auksionga chiqarish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ta’kidlanishicha, Oltiariq tumani so‘nggi ikki oyda 1,6 mingta yer uchastkasini auksionga chiqargan. Buning uchun tuman ishchi guruhi tadbirkorlar bilan uchrashib, ular uchun maqbul bo‘sh yer uchastkalarini ajratib olgan. Xususiy loyiha tashkilotlarini jalb qilib, topografik xaritalarni ishlab chiqqan. Auksionga chiqarish uchun 15 ta idora bilan 7—10 kunda kelishilgan.
Davlat rahbari bu tajribani barcha tuman va shaharlarda joriy qilish kerakligini ta’kidlagan.
Endi:
yerlarni auksionga chiqarish jarayonlari ijarada 48 kundan 15 kunga, mulk huquqida 74 kundan 20 kunga qisqartiriladi;
yer maydonlarini baholash ekspertizadan o‘tkazilmaydi, haqiqiy bahosi auksionda aniqlanadi;
2023 yil 1-yanvardan boshlab yerlarni auksionga chiqarishda kadastr idoralarida bor ma’lumotlarni boshqa idoralar bilan kelishish tartibi bekor qilinadi.
Bunda javobgarlik kadastrga ma’lumot taqdim etmagan idora rahbariga yuklanadi.
Avvalroq endi yer uchastkasini onlayn xususiylashtirish mumkinligi haqida xabar qilingan edi.