TOShKENT, 7-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda daraxtlarni kesganlik, shikastlaganlik uchun jarima miqdorlari oshirilishi mumkin. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar buni nazarda tutuvchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilishdi.
Ta’kidlanishicha, 2019-yilning oktabrda daraxtlarni kesishga moratoriy e’lon qilingan. 2021-yilda moratoriyning amal qilish muddatsiz davrga uzaytirilgan.
Ammo shunga qaramay, o‘simlik dunyosiga bo‘lgan tajovuzkor harakatlar davom etmoqda. Bu esa jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Xususan, 2019-yilda 3 733, 2020-yilda 7 812, 2021-yilda esa 8 243 tup daraxtlar noqonuniy kesilgan.
Hujjat bilan daraxt va butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun jarima miqdorlarini oshirish belgilanmoqda.
Jumladan, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha (amalda 5 baravardan 10 baravargacha) mansabdorlar uchun 20 baravarigacha miqdorda (amalda 10 baravardan 15 baravargacha) jarima solish belgilanmoqda.
Shuningdek, ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan huquqbuzarlik uchun 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish (amalda 3 milliondan 9 million so‘mgacha jarima) choralarini belgilash ko‘zda tutilmoqda.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlangan.