O‘zbekistonlik artistlar Moskvada xalqaro balet tanlovida ishtirok etmoqda

Moskvadagi xalqaro balet tanlovi dunyodagi eng nufuzli tanlovlardan biri bo‘lib, u ko‘pincha balet yo‘nalishidagi Olimpiya o‘yinlari deb ataladi.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri solistlari Doston Turg‘unov va Lola Isoqova Moskvada bo‘lib o‘tayotgan XIV xalqaro balet san’atkorlari tanlovida O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqda. Bu haqda Sputnik muxbiriga teatrning xalqaro bo‘limi ma’lum qildi.
Moskvadagi xalqaro balet tanlovi dunyodagi eng nufuzli tanlovlardan biri bo‘lib, u ko‘pincha balet yo‘nalishidagi Olimpiya o‘yinlari deb ataladi.
Bu yil mazkur ko‘rik tanlov Sovet sotsialistik respublikalari ittifoqi xalq artisti, Rossiya davlat akademik katta teatrining xoreografi, badiiy rahbar va tanlov hakamlar hay’ati raisi Yuriy Grigorovichning 95 yoshli yubileyiga bag‘ishlandi.
Ochilish marosimida Yuriy Grigorovich tanlov ishtirokchilariga videomurojaat qilib, ishtirok etganii uchun minnatdorlik bildirdi va chiqishlarida muvaffaqiyat tiladi.
Katta teatrning tarixiy sahnasida o‘tkazilgan marosimda mehmonlar afsonaviy Yuriy Grigorovichning “Spartak” baletini tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Joriy yilda tanlovga 340 dan ortiq ariza topshirilgan bo‘lib, ulardan 112 nafar eng yaxshi ijrochi saralab olindi.
XIV xalqaro balet tanlovi 11-iyun kuni yakunlanadi. Shu kunga qadar 22 davlat vakillari sahnada o‘z san’atini namoyish etadi.
Ma’lumot uchun, 15-martdan 15-maygacha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Xalqaro teatr va balet festivalini tashkil qilmoqda.
Unda Moskva “Sovremennik” teatri, Moskva zamonaviy pyesa maktabi teatri, Xalqlar teatri, A.P. Chexov nomidagi Moskva badiiy teatri, Boris Eyfmanning Sankt-Peterburg davlat akademik balet teatri, Alisher Navoiy nomidagi DAKT, Hamza nomidagi O‘zbek Milliy drama teatri, Mark Vaylning “Ilhom” teatri, shuningdek O‘zbekiston yoshlar teatri ishtirok etadi.