Mo‘g‘ulistondan go‘sht olib kelish yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Ikki mamlakat o‘rtasida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida bir qator kelishuvlarga erishildi.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston orasida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish hajmi oshiriladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher To‘rayev hamda Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Batsumber Munxjin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bir qator kelishuvlarga erishildi:
Mo‘g‘ulistondan go‘sht va go‘sht mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish;
O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonning o‘zaro savdo va qo‘shma loyihalarini yo‘lga qo‘yishda hamkorlik qilishdan manfaatdor korxonalar ro‘yxatini tuzish;
Bog‘dorchilik va issiqxonalarni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganish bo‘yicha ikki davlat ilmiy idoralari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
Uchrashuvda shuningdek, Batsumber Munxjin mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-sotiqning yangi yo‘lagi sifatida charter reyslarini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.
Qolaversa, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan Hukumatlararo komissiya tuzish va uning birinchi majlisini shu yilning ikkinchi yarmida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Mo‘g‘ulistonda chorvachilik agrar sektorning eng rivojlangan tarmog‘i hisoblanadi. Hozirda mamlakatdagi yirik va mayda qoramollarning soni 70 mlnga teng.