TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Geologiya fanlari universiteti va Moskva davlat universiteti hamkorligida “Geologiya (geofizika)” ta’lim dasturi bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash dasturi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Universitet axborot xizmati xabar berdi.
“Dasturga ko‘ra, Geologiya fanlari universitetida ikki yil o‘kigan va qolgan ikki yil o‘qishini Moskvada davom ettirgan bitiruvchilarga ikki universitet diplomi beriladi”, deyiladi xabarda.
1 va 2 bosqichni “yaxshi” va “a’lo” baholarga bitirgan talabalarning Moskvadagi ta’lim xarajatlari O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan to‘lab beriladi.
Kirish imtihonlari ikki bosqichda o‘tkaziladi. Tanlovning birinchi bosqichida abituriyentlar Moskva davlat universitetida matematika (yozma) va rus tili (suhbat) bo‘yicha kirish testlarini topshiradilar. Kirish imtihonlarida maksimal ballning kamida 30 foizini to‘plagan abituriyentlar ikkinchi bosqichga o‘tadi.
Ikkinchi bosqichda abituriyentlar O‘zbekiston Davlat test markazi tomonidan rus tilida (V1 darajasida) tashkil etiladigan test sinovlarini topshiradilar. Maksimal ballning kamida 30 foizini to‘plagan abituriyentlar qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.
Qo‘shma dasturda ishtirok etmoqchi bo‘lgan abituriyentlardan tegishli hujjatlar onlayn tarzda, 20-iyunga qadar qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun, qo‘shma dastur bo‘yicha Toshkentda o‘qish narxi yiliga 16 028 900 so‘mni tashkil etadi. 2021/22 o‘quv yilida Moskva davlat universitetining Geologiya fakultetida o‘qish narxi 455 990 rublga teng bo‘lgan.